Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida sohadagi reja ko‘rsatkichlarining bajarilishi, haftalik grafik asosida gazeta-jurnallarga obuna bo‘lish, malakali kadrlar bilan ta’minlash masalalari keng muhokama qilindi.

Seminarda “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘i R.Raximov, hududiy studiyalardan orqali Qoraqalpog‘istondagi barcha suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, bosh hisobchilari va boshqa mas’ul xodimlar ishtirok etdi.

Muhokamalar avvalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov 2026 yil 5 fevralida Prezidentimiz tomonidan “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-47-sonli qarori qabul qilingani va ushbu hujjat bilan sohaga yangi tartiblar va imtiyozlar joriy etilayotgani haqida gapirib, ularning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, Qarorda 2026–2028-yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 3,5 million gektarga yetkazish asosiy maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilangan. Bunda 220 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 110 ming gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, 600 ming gektar maydonni lazerli tekislash ko‘zda tutilgan. Natijada suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hisobiga suv resurslarini tejashga erishilishi va bu borada qoraqalpog‘istonlik suvchilar ham o‘zlarining oldiga ulkan marralarni reja qilib olishlari va ularning ijrosi ustida ishlashlari zarurligi aytib o‘tildi.

Shundan so‘ng, gazeta-jurnallarga obunani tashkil etish masalasi muhokama etildi. Barcha rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari sohaviy, mahalliy hamda markaziy nashrlarga obuna bo‘lishlari, ularda chop etilayotgan maqolalar bilan muntazam tanishib borishlari ta’kidlandi.
Gazeta-jurnallarga obuna bo‘lish borasida ayrim tashkilotlar tomonidan belgilangan talablar to‘liq bajarilmayotgani qayd etildi. Xususan, Amudaryo, Taxiatosh, Xo‘jayli, Bo‘zatov va Qorao‘zak tumanlari “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalarida obuna masalasi yetarli darajada tashkil etilmagani tanqid qilinib, mazkur masala alohida nazoratga olinishi belgilandi.
Shuningdek, yig‘ilishda suv xo‘jaligi obyektlarining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, raqamlashtirish, rivojlantirish jamg‘armasiga mablag‘ tushirish, sug‘orish tarmoqlarida olib borilayotgan qazib-tozalash ishlarini belgilangan muddatlarda yakuniga yetkazish masalalari keng muhokama etildi.
Barcha suv xo‘jaligi rahbarlari sho‘r yuvishga puxta tayyorgarlik ko‘rish, bu borada suvdan foydalanuvchilar bilan birgalikda zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati