Qoraqalpog‘iston Respublikasining bir necha tumanlari “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida muhim amaliy qadam tashlandi. Tuman hokimliklari tomonidan suvchilarga xizmat avtomashinalari topshirildi.

Ma’lumki, suvchilarning asosiy vazifasi — qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan ta’minlash, kanal va ariqlar holatini nazorat qilish, favqulodda holatlarda tezkor chora ko‘rishdan iborat. Bu jarayonlar ko‘p hollarda keng hududlarda harakatlanishni talab etadi. Shu bois xizmat avtomashinalari suvchilar uchun nafaqat qulaylik, balki zarurat ham hisoblanadi.
Hozirga qadar Shumanay, Kegeyli, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlari hokimliklari tuman suvchilariga xizmat avtomashinasi ajratishdi. Ajratilgan transport vositalari orqali suv xo‘jaligi xodimlari o‘z vazifalarini yanada samarali va tezkor bajarishi, aholi va fermer xo‘jaliklariga sifatli xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda.

Suv xo‘jaligining mehnati – xalq xizmati ekanligini qadrlagan tuman hokimlariga katta rahmat, deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Baxtiyar Yusupov. – O‘ylaymanki, ushbu tashabbusni boshqa tuman hokimlari ham qo‘llab-quvvatlashadi. Mazkur tashabbus suv xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar mehnatini yengillashtirish, ularning ish samaradorligini oshirish hamda joylardagi suv ta’minoti bilan bog‘liq masalalarga tezkor yechim topish imkonini yaratishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbus boshqa tumanlar uchun ham ibrat bo‘lib, suv xo‘jaligi tizimini yanada rivojlantirishga turtki bo‘lishi kutilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati