Qoraqalpog‘istonda “Eng yaxshi suvchi kitobxon” tanlovining hududiy bosqichi o‘tkazildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv xo‘jaligi tizimi xodimlari o‘rtasida “Eng yaxshi suvchi kitobxon” tanlovining hududiy bosqichi o‘tkazildi.

Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 15 yanvardagi PQ-9-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, jumladan, aholi va xodimlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, kitob mutolaasiga qiziqishni oshirish hamda kasbiy-sohaviy adabiyotlarni o‘qishni keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.

Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlaridan 20 dan ortiq kitobxon xodim ishtirok etib, o‘zlarining badiiy, ma’naviy-ma’rifiy va sohaviy adabiyotlar bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B. Yusupov ishtirok etdi.

Ochilish marosimida ta’kidlanganidek, yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, kitob mutolaasini keng targ‘ib etish va insonlarning ma’naviy salohiyatini oshirish masalasiga davlat siyosati darajasida alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu ma’noda, Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida tashkil etilayotgan “Eng yaxshi suvchi kitobxon” tanlovi ham mazkur ezgu maqsadlarni qo‘llab-quvvatlashning uzviy davomi hisoblanadi.

Qayd etilganidek, kitob insonning dunyoqarashini kengaytiradi, tafakkurini boyitadi, bilim va salohiyatini oshiradi. Ayniqsa, suv xo‘jaligi kabi yuksak mas’uliyat va doimiy izlanishni talab etadigan sohada xodimlarning kasbiy bilimlari bilan bir qatorda, ularning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Tanlov ishtirokchilariga omad va muvaffaqiyat tilab, ularning kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, bilim va tafakkurini boyitishda mazkur tanlov muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Belgilangan tartib asosida o‘tkazilgan tanlov jarayonida ishtirokchilar tavsiya etilgan badiiy, sohaviy va motivatsion adabiyotlar asosida tayyorlangan savollar bo‘yicha bilimlarini namoyish etdilar. Xususan, o‘zbek va qoraqalpoq adabiyoti namoyandalari hayoti va ijodi, milliy adabiy meros, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalar, kasbiy mas’uliyat va kitobxonlik madaniyatiga oid savollarga javob berdilar.

Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy kechgan tanlov yakuniga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rinni Nasos stansiyalari hamda energetika boshqarmasi dispetcherlik xizmati navbatchi dispetcheri Sabirov Jalg‘asbek Zaripbay o‘g‘li egalladi. Ikkinchi o‘rin Ellikqal’a tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining murojaatlar bilan ishlash va ijro intizomi bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Yesemuratova Aksungul Turg‘anbay qizi, uchinchi o‘rin esa Xo‘jayli tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Utepbergenova Nilufur Mansur qiziga nasib etdi.Tanlovda g‘olib va sovrindor bo‘lgan ishtirokchilar munosib taqdirlandi.

 

“Eng yaxshi suvchi kitobxon” tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi suv xo‘jaligi tizimi xodimlari o‘rtasida kitobxonlik muhitini yanada mustahkamlash, mutolaaga qiziqishni oshirish, ma’naviy-ma’rifiy salohiyatni yuksaltirish bilan bir qatorda, kitob va kasbiy bilim uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qilgan muhim tadbir bo‘ldi.

E’tirof etilganidek, kitobxon va bilimli xodim — o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashadigan, yangilikka intiluvchan va sohadagi dolzarb vazifalarni teran anglaydigan mutaxassisdir. Shu bois suv xo‘jaligi tizimida kitob mutolaasini targ‘ib qilishga qaratilgan bunday tashabbuslarning ahamiyati yanada ortib boradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati