Beruny tuman 3-son texnikumida “Yoshlar kuni” munosabati bilan yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i I. Yuldashev ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
I.Yuldashev o‘z so‘zida mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlar ularning jamiyatdagi faolligini oshirishga xizmat qilayotganini qayd etdi.
Shuningdek, davlat tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, startap loyihalarni moliyalashtirish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, “Yoshlar daftari” orqali manzilli yordam ko‘rsatish, ta’lim va kasb-hunar egallash uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Tadbir davomida yoshlarning fikr va takliflari, ularni qiziqtirgan masalalar tinglandi. Ko‘tarilgan muammolarni hal etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rish hamda yoshlarning barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tib, yoshlarning faolligi va tashabbuskorligini yanada oshirishga xizmat qildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati