Suv xo‘jaligi vaziri Kegeyli tumanidagi to‘rt mahallada ochiq muloqotlar o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Kegeyli tumanida bo‘lib, «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida Suv xo‘jaligi vaziri Kegeyli tumani hokimi A. Kamalov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B. Yusupov, «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi boshlig‘i R.Rahimov hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari hamrohligida Dasturda og‘ir ahvoldagi mahallalar ro‘yxatiga kiritilgan «Ko‘k o‘zak», «Jalpaq jap», «Janabazar» va «Qumshungul» ovul fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi hamda mahalla faollari bilan uchrashib, ularning fikr-mulohazalari va takliflarini tingladi.

Uchrashuvlarda Prezidentimiz farmon va qarorlari hamda davlat dasturlari ijrosi doirasida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Tuman hokimi A. Kamalov va mahalla raislari mazkur islohotlar natijasida hududlarda sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlab, tuman aholisi nomidan yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Qayd etilganidek, mahallalarda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, transformatorlar o‘rnatish, ichki yo‘llarni ta’mirlash va asfaltlash, kanallarni tozalash hamda gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash bo‘yicha qator ishlar bajarildi. Bu tadbirlar aholining yashash sharoitini yaxshilash, tomorqalardan samarali foydalanish, suv ta’minotini barqarorlashtirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, davlat dasturlari asosida «Ko‘k o‘zak», «Jalpaq jap», «Janabazar» va «Qumshungul» mahallalarida kanallarni ta’mirlash-tiklash, nasos agregatlarini yangilash hamda suv infratuzilmasini mustahkamlash ishlari amalga oshirilib, qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta’minlash imkoniyatlari yanada kengaytirildi.

Muloqotlar davomida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlashga qaratilgan yangi vazifalar ham belgilab olindi. Jumladan, «Qumshungul» mahallasida ijtimoiy reestrdagi ehtiyojmand oilaga tegishli og‘ilxonani ta’mirlash, «Jalpaq jap» mahallasida mustaqilligimizning 35-yilligi munosabati bilan yangi bog‘ barpo etish, qolgan mahallalarda obodonlashtirish ishlarini kengaytirish hamda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan yangi loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, mahallalarni obodonlashtirish va yashil hududlarni kengaytirish ishlari uchun zarur texnikalar ajratish vazifasini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B. Yusupov o‘z jamoasi bilan zimmasiga olishi ma’lum qilindi. Ta’kidlanganidek, bu tashabbus mahallalar aholisining farovonligini oshirish va «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi vazifalarini samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.

Tashrif yakunida har bir mahalla bo‘yicha manzilli ish rejalari ijrosini qat’iy nazorat qilish, aholi muammolarini tizimli hal etish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda bandlikni ta’minlashga qaratilgan loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati