Amudaryo tumani: “Irzachi” nasos stansiyasida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan Amudaryo tumanidagi “Irzachi” nasos stansiyasida elektr energiyasidan samarali foydalanish, uni tejash hamda nasos agregatlarini ta’mirlash masalalarini muhokama etishga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminarda Suv xo‘jaligi vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga biriktirilgan mas’ul xodimi Sh.Ismailov, vazirlik mutaxassisi M.Xusenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining DXSH bo‘limi boshlig‘i YE.Davletyarov, mexanizatsiya bo‘limi boshlig‘i S.Serjanov hamda Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi v.v.b. N.Aralbayevlar ishtirok etdi va seminar kun tartibidagi masalalarni keng muhokama qildilar.

Jumladan, elektr energiyasidan samarali foydalanish, nasos agregatlarini ta’mirlash, zamonaviy energo tejamkor qurilmalar (nasoslar, elektrodvigatellar, kondensatorlar)dan foydalanish hamda nasos stansiyalari atrofida yordamchi xo‘jaliklarni tashkil etish masalalari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, nasos stansiyalarida tegishli topshiriq va dasturlar asosida soatiga 110 kVt elektr energiyasi sarflaydigan 230 dona SNPE-500/10 rusumli nasos agregatlarini soatiga 55 kVt elektr energiyasi sarflaydigan K-500-7 rusumli energo tejamkor nasos agregatlariga almashtirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Bugungi kunda 148 dona nasos agregati olib kelingan bo‘lib, shundan 114 donasi joylarga o‘rnatilgan. Ushbu loyiha doirasida yiliga 20,7 mln kVt/soat elektr energiyasini tejash rejalashtirilgan.

Tadbir davomida Boshqarmaning “Mang‘it–Nazarxon” bo‘limi bosh mutaxassisi Muxtar Umarov nasos stansiyasi atrofidagi himoya maydonida yordamchi xo‘jalik tashkil etish va ishchi-xodimlarni qo‘shimcha rahbatlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi.

Mas’ullar mazkur nasos stansiyasining ishchi-xodimlari bilan ochiq-muloqot qildi. Suhbat davomida  xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, qo‘shimcha rag‘batlantirish, nasos stansiyalari himoya zonalaridagi yer maydonlaridan samarali foydalanish, ko‘chat ekish uchun yer tayyorlash hamda mevali va manzarali daraxtlar ekish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati