Chimboy tumanidagi “Bessari-1,2” nasos stansiyasida navbatdagi amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda sug‘orish va sho‘r yuvish davrida nasos agregatlaridan samarali foydalanish borasida ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Seminarda elektr energiyasini tejash, elektrodvigatellarni muntazam nazorat qilish, agregatlarni o‘z vaqtida ta’mirlash va zamonaviy tejamkor uskunalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sagidulla Utemuratov so‘zga chiqib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan atroflicha tushuntirish berdi hamda mas’ullarga aniq topshiriqlar yuklatildi.

Ma’lum qilinishicha, boshqarma tasarrufida 221 ta nasos stansiya va 481 ta nasos agregati mavjud bo‘lib, shundan 21 ta stansiya Chimboy tumaniga to‘g‘ri keladi. 2025 yilda tuman hududida 9 346 gektar ekin maydoniga 125,818 mln m³ suv yetkazib berilgan.

Shuningdek, seminarda eski nasos agregatlarni energiya tejamkorlariga bosqichma-bosqich almashtirish borasidagi ishlar ham tahlil qilindi. Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida elektr energiyasi sarfini sezilarli darajada kamaytirish ko‘zda tutilgani ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati