Orolbo‘yi hududidagi tabiiy ko‘llarni suv bilan ta’minlash masalasi yuzasidan rasmiy munosabat

Hoja.uz telegram kanalida Orolbo‘yi hududidagi tabiiy ko‘llarga, jumladan, «Sudochye» ko‘liga suv yetkazib berish masalasi yuzasidan yoritilgan murojaat va tanqidiy post Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan nazoratga olinib, belgilangan tartibda o‘rganib chiqildi.

Orolbo‘yi hududida ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy ko‘llarni saqlash va ularning gidrologik rejimini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mavjud suv resurslaridan kelib chiqqan holda suv yetkazib berish choralari amalga oshirilmoqda.

Joriy yil boshidan Taxiatosh gidrouzelidan Amudaryoning quyi oqimiga 996 mln m³ suv yo‘naltirildi. Shuningdek, tabiiy ko‘llar va suv havzalariga magistral kanallar hamda kollektor-drenaj tarmoqlari orqali suv yetkazib berilmoqda.

Jumladan, yil boshidan «Mejdurechye» ko‘liga — 278 mln m³, «Jiltirbas» ko‘liga — 196 mln m³, «Sudochye» ko‘liga — 196 mln m³, «Ribachye» ko‘liga — 3,6 mln m³ suv yetkazildi.

Suv berish hajmlari Amudaryoning mavjud va prognoz suvliligi, suv omborlaridagi zaxiralar hamda hududning ekologik ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Shu bilan birga, har yili 1 oktabrdan 31 martga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisining sanitar-maishiy ehtiyojlari va hududning ekologik barqarorligini ta’minlash maqsadida magistral kanallarga 500 mln m³ gacha sanitar-ekologik suv limiti ajratiladi. Mazkur limitning amaldagi hajmi mavjud suv zaxiralari va Amudaryoning suvliligiga qarab belgilanadi. (Mavzuga oid batafsil maqola va suv limitlari bo‘yicha ma’lumotlar vazirlikning rasmiy veb-saytida ham berilgan).

 Amudaryo havzasida suv resurslarining uzoq muddatli qisqarish tendensiyasi Orolbo‘yi hududining suv ta’minoti va ekologik barqarorligiga ta’sir ko‘rsatayotgan muhim omillardan biridir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish, tabiiy ko‘llarni imkoniyat darajasida suv bilan ta’minlash va ularning gidrologik rejimini qo‘llab-quvvatlash choralarini izchil davom ettiradi.

 Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati