O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurib, kanallarni rekonstruksiya qilish, suv xo‘jaligi obyektlarida qurilish hamda kuzgi-qishki ishlarning borishi bilan tanishdi.

Suv xo‘jaligi vaziri dastlab Taxiatosh tumanidagi «Eski Keneges” kanalini rekonstruksiya qilish ishlarini borib ko‘rdi.
Mazkur kanalni rekonstruksiya qilish dorasida 21,5 km qismini betonlashtirish belgilangan. Qurilish ishlari bosh pudratchi “Voris China” MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan olib borilmoqda. Joriy yil 1 noyabr holatiga obyektda 25476,9 mln. so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan.
Mas’ullarning axborot berishicha, “Eski Keneges” kanali rekonstruksiya qilingach, Taxiatosh tumani “Naymanko‘l”, “Keneges” va “Sarayko‘l” OFY hududlaridagi jami 7 ming 800 gektar ekin maydonlarining suv ta’minoti yaxshilanadi.
Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev tomonidan qurilish tashkiloti hamda “Qoraqalpog‘istonsuvqurilishinvest” DM rahbarlariga mazkur obyektga qo‘shimcha ishchi kuchi va maxsus texnikalarni jalb etib, «Eski Keneges” kanalini betonlash ishlarini 10 noyabrga qadar yakunlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Shuningdek, “Eski Keneges” kanali atrofidagi muhofaza hududida “Yashil makon” loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish lozimligi ta’kidlandi. Umuman, rekonstruksiya qilinayotgan barcha kanallar atrofidagi muhofaza hududlariga daraxt ko‘chatlarini ekish vazifasi mas’ullarga yuklatildi.
Navbatdagi manzil Taxtako‘pir tumanidagi «Quvanish jarma» kanalida qurilayotgan zamonaviy nasos stansiyasi bo‘ldi.

Ushbu obyektda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 dekabrdagi 454-sonli qaroriga asosan qurilish ishlari olib borilayotgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 5 mlrd 296 mln so‘mni tashkil etadi. Nasos stansiyasi uchun zamonaviy 8 dona suv chiqarish agregatlari, 75 kV quvvatga ega quyosh panellari qurilmoqda. Ushbu quyosh panellari nasos stansiyasida elektr energiyasini tejash imkoniyatini beradi.

Qurilish ishlari yakuniga yetkazilgach tumandagi «O‘zbekiston», «Qaraoy» mahallalari, shuningdek, «Atako‘l» mahallasining ayrim hududlarida ekin maydonlarining suv ta’minoti yaxshilanadi hamda aholining tomorqadan daromad olish imkoniyatlari kengayadi.
Vazir Sh.Xamrayev Taxtako‘pir tumanidagi «Quvanish jarma» kanalining 697-piketidagi gidrotexnik inshootning rekonstruksiya ishlarini ham borib ko‘rdi va mas’ullarga qurilishi ishlarini jadallashtirish yuzasidan zarur topshiriqlarni berdi.
“Quvanish jarma” kanalidagi mazkur gidrotexnik inshoot

1977 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan edi. Rekonstruksiya ishlari doirasida bosh pudratchi “Voris China” MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan gidrotexnik inshootning kiruvchi va chiqvuchi qismlariga beton yotqizish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlarni joriy yilning 10 noyabr sanasigacha yakunlab, foydalanishga topshirish haqida ko‘rsatma berildi.
Hozirda obyektda 2 dona ekskavator, 2 dona mikser, 2 dona boshqa texnika va 20 nafar ishchi-xodimlar ishlayotgan bo‘lib, mas’ullar ishchi kuchi va texnikalarni ko‘paytirib, vazifani belgilangan muddatda uddalashga va’da berishdi.
G‘.Otajonov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi