AMUDARYO TUMANIDA SUV O‘LCHASH BO‘YICHA AMALIY SEMINAR-TRENING O‘TKAZILDI

     Joriy yilning 2026-yil 6-aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida “Ochiq kanallarda suvni o‘lchashning zamonaviy usul va vositalari, ularni graduirovkalash hamda qiyoslash” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

    Mazkur tadbir Orolbo‘yi hududlarida amalga oshirilayotgan Aral Sea Wetlands loyihasi doirasida tashkil etildi. Unda suv xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, jumladan, aholi va fermer xo‘jaliklarining suv ta’minoti uchun mas’ul tashkilot va xizmatlar vakillari ishtirok etdi.

    Seminarning nazariy qismida ishtirokchilarga ochiq suv obyektlarida suv sarfini aniq o‘lchashning zamonaviy yondashuvlari, o‘lchov asboblaridan samarali foydalanish, ularni graduirovkalash va qiyoslash tartiblari bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, suv hisobini yuritishda aniqlikni ta’minlash va inson omilini kamaytirishga qaratilgan ilg‘or texnologiyalar haqida ham tushunchalar berildi.

Tadbirning amaliy qismi esa Amudaryo tumanidagi “Mang‘itarna” kanalida tashkil etildi. Unda ishtirokchilar bevosita dala sharoitida suv sarfini o‘lchash jarayonlarida ishtirok etib, maxsus uskunalar yordamida amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladilar. Tajribali mutaxassislar tomonidan o‘lchash ishlarini to‘g‘ri tashkil etish, natijalarni hisoblash va tahlil qilish bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berildi.

Ushbu seminar-trening suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash, suv taqsimotida shaffoflik va aniqlikni oshirish, shuningdek, joylarda suv boshqaruvi tizimini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Orolbo‘yi hududlarida suv resurslarining cheklanganligi sharoitida bunday amaliy tadbirlar mutaxassislar salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamda Global ekologik fond (GEF) hamkorligida tashkil etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati