Yoshlar kuni munosabati bilan Beruniy tumanidagi 72-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchilari bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining bosh mutaxassisi M. Xusenov hamda Inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i I. Yuldashev ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, yoshlarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, tadbirkorlik, axborot texnologiyalari, sport va madaniyat sohalarida amalga oshirilayotgan dastur va loyihalar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Uchrashuvda imtiyozli kreditlar, grantlar va startap loyihalari orqali yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ilm-fan, san’at va sportga keng jalb qilish borasida olib borilayotgan ishlar alohida ta’kidlandi.
Tadbir so‘ngida o‘quvchilarning fikr va takliflari tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusidagi tashabbuslarini rag‘batlantirish muhim vazifalardan biri ekani qayd etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati