Qoraqalpog‘istonda suv tejovchi texnologiyalar keng joriy etilmoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda

– Qanliko‘l tumanida ham suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish ishlari davom etmoqda, – deydi Qonliko‘l tumani “Suv yetkazib berish xizmati” DM direktori Asqar Sarsenbayev. – Joriy yilda tumanda 85 gektar paxta maydonlarida 4 komplekt egiluvchan quvur orqali sug‘orish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan. Ayni paytda “Bo‘ston” mahallasidagi “Tovmurat biy” fermer xo‘jaligida bir komplekt egiluvchan quvur o‘rnatilib, paxta maydonlarini ushbu texnologiya asosida sug‘orish ishlari samarali tashkil etilmoqda.

                          

G‘o‘za maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarini qo‘llash ishlari Beruniy tumanida ham izchil olib borilmoqda. Tumandagi Abay ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Nurulla Agronom” fermer xo‘jaligida “Kavsar” texnologiyasi asosida 20 gektar maydon sug‘orilib, natijada suv sarfi 40 foizgacha qisqartirildi.

Shuningdek, Taxiatosh tumanidagi Naymanko‘l ovul fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritayotgan “Sadullayev Jamshid” fermer xo‘jaligida ham olib borilmoqda. Bu yerda paxta maydonlari egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orilib, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanilmoqda.

Chimboy tumanidagi “Xudaybergen Guldana” fermer xo‘jaligida ham paxta maydonlarini egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Egiluvchan quvur va boshqa suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi suv sarfini 30–50 foizgacha kamaytirish, o‘simliklarni suv bilan meyorda ta’minlash, hosildorlikni oshirish, tuproq eroziyasi va sho‘rlanish xavfini kamaytirish, o‘g‘itlardan samarali foydalanish, shuningdek mehnat va energiya sarfini qisqartirish imkonini bermoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, suv resurslari cheklangan Qoraqalpog‘iston sharoitida bunday zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish suvdan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining barqarorligini ta’minlash va yuqori hosil olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati