15 oktabr — Qishloq ayollari kuni. Bu sana qishloq va mahallalarda mehnat qilib, turli sohalar rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarning fidokorona mehnatini yana bir bor e’tirof etishga xizmat qiladi.

Qo‘ng‘irot tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasida bugungi kunda 15 nafar ayol-qiz erkak hamkasblari bilan yelkama-yelka mehnat qilib kelmoqda. Ular orasida suv xo‘jaligi sohasida 17 yildan ortiq tajribaga ega mutaxassis — Alimbetova Gulnur Yegisbayevna ham bor.
Gulnur 2005 yilda Qo‘ng‘irot tumanidagi 53-sonli umumta’lim maktabini tamomlab, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Gidromelioratsiya fakulteti, «Suv resurslarini boshqarish» yo‘nalishiga o‘qishga kirdi. 2009 yilda oliy ta’limni tamomlab, mehnat faoliyatini suv xo‘jaligi tizimida boshladi.
Uning kasbiy faoliyatida ustoz-shogird an’anasi ham muhim o‘rin tutadi. Ilk mehnat yillarida ustozi Sultonboy Berdimuratovdan sohaning o‘ziga xos jihatlari, ish jarayonlari va amaliy ko‘nikmalarni o‘rgandi. Bugun esa o‘zi orttirgan tajribasini yosh mutaxassislarga o‘rgatib kelmoqda.

Mehnat faoliyati davomida muhandis-gidrotexnik, bosh gidrometr lavozimlarida ishlab, suv resurslarini hisobga olish, suv miqdorini o‘lchash va taqsimlash kabi mas’uliyatli vazifalarni bajardi. Ayni paytda suv resurslaridan foydalanish yo‘nalishida bosh mutaxassis sifatida faoliyat yuritmoqda.
Qo‘ng‘irot tumani suv xo‘jaligi tizimida mehnat qilayotgan ayol-qizlar ham har kuni kanallar bo‘ylab, ovullar oralab, fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalariga suv yetkazib berish, uning hisobini yuritish kabi muhim vazifalarni sidqidildan ado etmoqda.

Shu ma’noda, 15 oktabr — Qishloq ayollari kuni suv xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan suvchi ayollarning mashaqqatli va sharafli mehnatini e’tirof etish uchun ham munosib fursatdir.
Barcha qishloq ayollarini, xususan, suv xo‘jaligi tizimida mehnat qilayotgan fidoyi ayol-qizlarni Qishloq ayollari kuni bilan samimiy muborakbod etamiz!
G‘.Otajonov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi.