Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi mas’ullari tomonidan Amudaryo tumanidagi “Chumichko‘l” nasos stansiyasida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbirda soha mutaxassislari energiya resurslaridan oqilona foydalanish, agregatlarni sifatli ta’mirlash va yordamchi xo‘jaliklarni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Seminarda Boshqarma boshlig‘i v.v.b N.Aralbayev so‘zga chiqib, tizimda zamonaviy energiya tejamkor qurilmalarni o‘rnatish orqali elektr energiyasi sarfini optimallashtirish ustuvor vazifa etib belgilanganini qayd etib o‘tdi.
Energetika bo‘limi uchastka boshlig‘i Q.Aliyevning ma’lumotiga ko‘ra, olib borilgan modernizatsiya ishlari natijasida o‘tgan yilda o‘rtacha 1065,271 ming kVt elektr energiyasi iqtisod qilinishiga erishilgan.

Tadbir davomida 2025-2026 yilgi kuzgi-qishgi mavsumda rejalashtirilgan ta’mirlash-tiklash ishlarining borishi ko‘zdan kechirildi. Nasos agregatlarini soz holatda saqlash va kelgusi sug‘orish mavsumida talofatsiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha mutaxassislarga texnik tavsiyalar berildi.
Seminar yakunida xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash va ularni qo‘shimcha rag‘batlantirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati