Nukus shahridagi “Suvchilar maktabi”da Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan suv xo‘jaligi sohasidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan muhim tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasida irrigatsiya va melioratsiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrantlar, yosh olimlar hamda suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A. Urazimbetov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 11 fevraldagi “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi. U o‘z nutqida mazkur qarorning 1-ilovasida startap ekotizimining yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ul tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari hamda banklar ro‘yxati belgilanganini ta’kidladi.

Xususan, qarorning tegishli bandiga muvofiq, suv xo‘jaligi yo‘nalishidagi startaplar uchun mas’ul oliy ta’lim muassasalari hamda hamkor tashkilot sifatida “Agrobank” ATB biriktirilgani qayd etildi. Shuningdek, ilmiy xodimlar va talaba yoshlarning suv xo‘jaligi sohasidagi startaplarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliyotga tatbiq etishda hamkorlikni kuchaytirish maqsadida sohadagi tizim tashkilotlari rahbarlari ham tadbirga taklif etilgani ta’kidlandi.
Tadbir davomida Nukus shahridagi “IT Park”ning startaplarni rivojlantirish bo‘limi bosh menejeri R. Kosnazarov, “Agrobank” ATB bo‘lim boshlig‘i N. Otegenov hamda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi direktori S. Kurbanbayev so‘zga chiqib, startaplarni ishlab chiqish jarayoni, shuningdek, suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qarorga muvofiq mamlakatimizda startaplarni g‘oya bosqichidan tortib, ularni ishga tushirish va xalqaro bozorga olib chiqishgacha bo‘lgan to‘rt bosqichli kompleks ekotizim joriy etilmoqda. Bu esa, ayniqsa, suv xo‘jaligi kabi strategik ahamiyatga ega sohada innovatsion yechimlarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Tadbirda suv xo‘jaligi yo‘nalishida o‘z startaplarini ishlab chiqayotgan yosh olimlar, magistrantlar va talabalar o‘z g‘oyalari bo‘yicha taqdimotlar qildi. Sohaning mas’ul xodimlari va olimlar tomonidan mazkur startap g‘oyalari, sohadagi mavjud muammolar hamda ularning yechimlari muhokama qilindi.

Jumladan, suv resurslarini tejash, raqamli monitoring tizimlarini joriy etish, gidrotexnik inshootlarni samarali boshqarish kabi yo‘nalishlarda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Shu bilan birga, startaplar ustida ish olib borayotgan yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tizim tashkilotlari biriktirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi hamda suv xo‘jaligi sohasida startap ekotizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va tashabbuslar bildirildi. Bunday uchrashuvlarni kelgusida ham muntazam tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati