Qorao‘zak tumanidagi «Shitli» nasos stansiyasida nasos stansiyalari va ularga biriktirilgan sug‘orish tarmoqlarini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida boshqaruvga berish, shuningdek, suv xo‘jaligi sohasida «Chortoq tajribasi»ni keng joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Unda «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Z. Irisboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari T. Madireymov, Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi, tuman «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi vakillari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida so‘z olgan mas’ullar, mazkur seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 oktabrdagi «Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish hamda sohaning xususiy sektor uchun jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilganini va uning ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Qarorda belgilangan vazifalar, xususiy sheriklikning afzalliklari, nasos stansiyalari va sug‘orish tarmoqlarini boshqaruvga berish tartibi, shuningdek, xususiy sherikning huquq va majburiyatlari xususida atroflicha ma’lumot berildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining davlat-xususiy sheriklik sho‘basi katta muhandisi Sapargul Joldasbayeva, Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Salauat Qo‘janov hamda boshqa mas’ullar mavzu yuzasidan tayyorlangan taqdimotlar orqali «Chortoq tajribasi»ning amaliy jihatlarini tushuntirdilar.
Ta’kidlanganidek, mazkur tajribaning asosiy mohiyati nasos stansiyasi va unga biriktirilgan sug‘orish tarmoqlarini «bir nasos — bir tizim» tamoyili asosida yagona boshqaruvga berishdan iborat. Bunda suvni iste’molchilarga bevosita xususiy sherik yetkazib beradi. Agar biriktirilgan hududda bir nechta suv iste’molchisi bo‘lsa, ularning kelishuvi asosida bitta talabgor, bitta suv iste’molchisi mavjud bo‘lganda esa istisno tariqasida uning o‘zi DXSH asosida boshqaruvga olinishi mumkin.

Shuningdek, suvni real vaqt rejimida hisobga oluvchi o‘lchash qurilmalarini o‘rnatish, suv hisobi va hisobotini raqamlashtirish, suv yetkazib berish jarayonining shaffofligini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi. Belgilangan tartibga ko‘ra, mazkur qurilmalar orqali hisoblangan suv solig‘i tushumining 40 foizi suv yetkazib berish xizmatlari tomonidan xususiy sherikka to‘lab beriladi.
Xususiy sherik zimmasiga suv iste’molchilari va aholi tomorqalarini belgilangan limitlar doirasida suv bilan ta’minlash, obyektlarni davlat sherigi bilan kelishilgan holda boshqarish, suv hisobi va hisobotini to‘liq yuritish hamda xizmat ko‘rsatish hududidagi suv xo‘jaligi obyektlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish kabi vazifalar yuklatiladi.
Muloqot jarayonida «Shitli» nasos stansiyasidan ekin maydonlarini sug‘orib kelayotgan «Asqar» fermer xo‘jaligi rahbari Asqar Abadanov nasos stansiyasini xususiy sheriklik asosida boshqaruvga olish masalasi yuzasidan mas’ullarga savollar bilan murojaat qildi. Uning savollariga mutaxassislar tomonidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Seminarda «Chortoq tajribasi»ni bosqichma-bosqich kengaytirish orqali suv yetkazib berish sifatini oshirish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish, xususiy sektor investitsiyalarini jalb etish va nasos stansiyalarining moddiy-texnik holatini yaxshilash imkoniyatlari ham qayd etildi.
Tadbirning ikkinchi qismida nasos stansiyalarida elektr energiyasini tejash, nasos agregatlaridan samarali foydalanish va ularning uzluksiz ishlashini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi uchastka boshlig‘i Q. Aliyevning ta’kidlashicha, elektr energiyasidan oqilona foydalanish va uni tejashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida bugungi kunga qadar 4 ta nasos, 11 ta elektrodvigatel hamda 21 ta kondensator o‘rnatilgan. Buning natijasida yiliga o‘rtacha 439,141 ming kVt·soat elektr energiyasini tejashga erishilmoqda.
Shu bilan birga, 2026 yilda rejalashtirilgan nasos agregatlarini ta’mirlash-tiklash ishlarini sifatli bajarish, vegetatsiya mavsumida uskunalarning soz holatda ishlashini ta’minlash va mavjud texnikalardan unumli foydalanish yuzasidan mas’ullarga zarur ko‘rsatma hamda tushuntirishlar berildi.
Seminar yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi. Belgilangan chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish, suv yetkazib berish tizimini takomillashtirish va energetika resurslaridan tejamkor foydalanishga xizmat qiladi.
G‘.Otajonov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi