Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida o‘tkazilgan “Karyera kuni – 2026” mehnat yarmarkasi nafaqat bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlash, balki mehnat bozori ehtiyojlari va ta’lim tizimi o‘rtasidagi uyg‘unlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim platforma sifatida namoyon bo‘ldi.

Tadbirda hududdagi yirik korxona va tashkilotlar qatorida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari ham faol ishtirok etdi. Ular tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taqdim qilinib, ayniqsa suv xo‘jaligi sohasi uchun zarur bo‘lgan mutaxassis kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj alohida ta’kidlandi.

-Yarmarka doirasida vazirlik vakillari tomonidan bitiruvchi talabalar bilan bevosita muloqotlar o‘tkazilib, ularni suv xo‘jaligi sohasiga jalb etish, sohadagi istiqbolli yo‘nalishlar, mehnat sharoitlari va kasbiy o‘sish imkoniyatlari haqida atroflicha tushuntirish ishlari olib borildi, – deydi Vazirlikning Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boyicha bosh mutaxassis Puxarbay Qurbanbaev. – Bu esa yosh mutaxassislarning sohani ongli ravishda tanlashiga va o‘z kelajagini aniq belgilashiga xizmat qiladi.

Xususan, universitetning muhandislik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar orasida gidrotexnik obyektlarga qarovchi, muhandis-gidrotexnik hamda muhandis-meliorator kabi mutaxassisliklarga qiziqish yuqori ekani kuzatildi. Ularning bir qismi tumanlardagi tizim tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlarida faoliyat yuritish istagini bildirib, maxsus ro‘yxatga olindi.
Ushbu jarayon, bir tomondan, hududlarda kadrlar taqchilligini bartaraf etishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, yoshlarning bandligini ta’minlash orqali ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shadi. Shu nuqtai nazardan, mazkur yarmarka doirasida olib borilgan amaliy ishlar davlat siyosatida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Umuman olganda, “Karyera kuni – 2026” mehnat yarmarkasi ta’lim muassasasi, ish beruvchilar va yoshlar o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish, ayniqsa suv xo‘jaligi kabi strategik sohalarga malakali kadrlarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Qoraqalpog‘iston Respulikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati