Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi olimlari tomonidan ayni kunlarda tumanlarda suv xo‘jaligi sohasidagi dolzarb muammolar, ularning kelib chiqish sabablari va yechimlariga bag‘ishlangan amaliy seminarlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, Nukus tumanidagi “Suvchilar maktabi” tajriba uchastkasi dalalarida tuman fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirokida seminar o‘tkazildi. Unda ekin maydonlarida sho‘r yuvish jarayonlarida uchrayotgan muammolar tahlil qilinib, “Sho‘r yuvish meyori va muddatlari” mavzusida markaz olimlari tomonidan ilmiy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, tadbir davomida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, yerlarning meliorativ holatini barqaror saqlash hamda mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan ham ishtirokchilarga tushuntirishlar berildi.

Seminarda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi direktori S. Kurbanbayev, shuningdek markaz olimlari G. Aminova, O. Karimova va boshqalar o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdilar.

Dolzarb mavzuga bag‘ishlangan seminar Kegeyli tumanidagi “Qayip Mayshi” fermer xo‘jaligi dalasida ham davom ettirildi. Unda suv tanqisligi sharoitida sho‘r yuvish ishlarini samarali tashkil etish, suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish va ularni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha olimlar tomonidan tayyorlangan ilmiy tavsiyalar fermerlarga tushuntirildi. Shuningdek, seminar ishtirokchilariga tegishli tavsiyalar to‘plami tarqatildi.

Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi olimlari ishtirokidagi bunday amaliy seminarlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasining boshqa tumanlarida ham o‘tkazish rejalashtirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati