Hurmatli Prezidentimiz Oliy Majlisga va ko‘pmillatli xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida suv xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan ustuvor yo‘nalishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tgan edilar.
Murojaatnomada 2026 yilda mamlakatimiz bo‘ylab 1 ming 300 kilometr yirik magistral kanallar beton bilan qoplanishi ta’kidlandi. Bu qo‘shimcha ravishda yiliga 500 million kub metr suvni iqtisod qilish imkonini beradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham kanallarni betonlashtirish borasidagi ishlar izchil olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida joriy yilda jami 43,8 km uzunlikdagi 4 ta kanalni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Ayni vaqtda Nukus tumanidagi “Sorali”, Shumanaydagi “Ak jap”, Taxiatoshdagi “Eski Keneges” (2-bosqich), Chimboydagi “Tag‘ jap” kanallarida betonlashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
-Betonlashtirish ishlarini ikki smenada tashkil etayapmiz, -deydi «Qoraqalpog‘istonsuvqurilishinvest» davlat muassasasi direktori v.v.b Allayar Kaypov. – Hozirgi kungacha 4 ta kanalning jami 12 kilometrdan ortiq qismi beton quyishga tayyorlandi. Shuningdek, 5,2 km uzunlikda beton yotqizish ishlari amalga oshirildi.

Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullari hamda hududga biriktirilgan vakillar har kuni obyektlar boshida bo‘lib, qurilish ishlarini jadallashtirish choralari ko‘rilmoqda. Bu borada grafiklar ishlab chiqilib, uning kunlik ijrosini ta’minlash, qurilish-montaj ishlarini sifatli yakunlash nazoratga olingan.
Kecha kechki payt ishchi guruh vakillari Nukus tumanidagi “Sorali” kanalini rekonstruksiya qilish ishlarini o‘rganishdi. Yuqorida buyurtmachi tashkilot mas’uli ta’kidlaganidek, mazkur kanalda kechasi ham betonlashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
“Sorali” kanalining 7 kilometr qismida betonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun 13 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Qurilish ishlari amalga oshirish uchun “Max Elit Stroy” MCHJ bosh pudratchi etib tayinlangan.
Mazkur obyektda bugungi kungacha 3,250 km uzunlikda beton quyishga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilib, shundan 2,059 km uzunlikda beton yotqizish ishlari amalga oshirilgan bu ishlarni yanada jadallashtirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati