QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI SUV XO‘JALIGI VAZIRINING BIRINCHI O‘RINBOSARI TAYINLANDI

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktorining tegishli buyrug‘i bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Allabergenov Rashid Ismailovich tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘i R.Raximov, Qoraqalpog‘og‘istondagi barcha suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari hamda vazirlik apparati xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Baxtiyar Yusupov so‘zga chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Hukumatining tavsiyasi bilan Suv xo‘jaligi vazirligi buyrug‘i bilan birinchi o‘rinbosar  lavozimiga tayinlangan kadrning ish faoliyati, xususan suv xo‘jaligi sohasidagi tajribasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

O‘z navbatida R.Allabergenov suv xo‘jaligi sohasidagi vazifalarni vazirlik jamoasi va barcha tizim tashkilotlari bilan birgalikda bajarishga bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini ta’kidladi. 

Ma’lumot uchun: R.Allabergenov 1992 yil Toshkent irrigatsiya va qishlok xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi muhandis-gidrotexnik.
Mehnat faoliyati davomida “Bo‘z-yob” suvdan foydalanuvchilar uyushmasi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Gidrogeologiya-meliorativ ekspeditsiyai Ellikqal’a tumani  bo‘lim boshlig‘i, Ellikqal’a tumani  hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi raxbari, Quyi Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshkarmasiga qarashli “Paxtaarna-Nayman” irrigatsiya tizimi boshkarmasi boshlig‘i, Ellikqal’a tumani  hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish masalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri, Qoraqalpog‘iston meliorativ ekspeditsiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi ijroya qo‘mitasi Nukus filiali direktori kabi mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.

Shuningdek, yig‘ilishda suv xo‘jaligi sohosida kechiktirib bo‘lmaydigan masalalar tanqidiy muhokama etildi. “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari so‘z olib, suv tejovchi texonologiyalarni joriy etish bo‘yicha “Dolzarb – 20 kunlik” e’lon qilinganini va bu borada suv xo‘jaligi mas’ullari oldida turgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Muhokma etilgan masalalar bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi Matbuot xizmati