«Kegeyli» kanali qazilmoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ichki irrigatsiya tarmoqlarini tozalash bilan birga magistral kanallarini qazish ishlari ham olib borilmoqda.

___«Qizketken-Kegeyli” irrigatsiya tizimi boshqarmasi balansidagi  “Kegeyli” tumanlararo kanali 1938 yil foydalanishga topshirilgan. Respublikaning shimoliy tumanlari ya’ni, Nukus, Kegayli, CHimboy, Qorao‘zak va Muynoq tumanining bir qismini suv bilan ta’minlovchi mazkur kanal jami 80 ming gektardan ortiqroq maydonni suv bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

___Umumiy uzunligi 55,4 km, loyihaviy suv o‘tkazuvchanlik qobiliyati 180,0 m3/s.ni tashkil qilgan. O‘tgan yillar davomida bu kabi katta kanallar har doim ham qazib tozalanmagan. Keyingi yillarda qaror va davlat dasturlari asosida rekonstruksiya qilish ishlari izchil yo‘lga qo‘yilmoqda. Lekin, magistral kanallarni bir mavsumda qazib tozalashni imkoni yo‘q, albatta.

___-Har yili kuz-qish mavsumida kanallarni tozalash rejasini qilib olganmiz, deydi Qizketken-Kegeyli irrigatsiya tizimi boshqarmasi boshlig‘i Marat Kaipov. – Joriy yilgi rejaga muvofiq, “Kegeyli” kanalining PK-490 dan PK-554 gacha 6,4 kilometr qismida qazish va tozalash ishlari olib borilmoqda. Kanalning uzanlari buzilib, suv o‘tkazish qobiliyati pasayib ketgan. Hozirda loyihada ko‘rsatilgan kanalning oqim qismi qazib tozalanib, qirg‘oqlari mustahkamlanmoqda. Bu ishlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ishlab chiqarish bazasining 3 ta ekskavatori, 1 ta buldozer jalb qilingan.

___Boshqarmamiz balansidagi boshqa kanallarda ham tozalash va gidroinshootlarda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Biz, fevral oyida boshlanadigan sho‘r yuvish tadbirlarigacha belgilangan tozalash va ta’mirlash ishlarini yakunlashning barcha choralarini ko‘rmoqdamiz.

___E’tiborlisi, “Kegeyli” kanalining yuqorida keltirilgan qismidagi qazish ishlari yakunlangach, CHimboy tumanining «Baxtli», «U.YUsupov», «Tazajol», «Kenes», «CHimboy» xo‘jaliklari hududlaridagi 13673 gektar, Bo‘zatov tumani «Qoraqalpoq» xo‘jaligidagi 230 gektar, Qorao‘zak tumanining “Quralpa” xo‘jaligidan 4275 gektar, jami 18 ming gektardan ortiq ekin maydonlarida suv ta’minoti yaxshilanadi.  SHuningdek, mazkur hududlardagi aholi tomorqalari suv etkazish imkoni yaratilib, dehqonchilik qilish aholi daromadini oshirish imkoni yaratiladi.

G‘.Otajonov,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi