Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiyasi tomonidan Qanliko‘l tumanida seminar o‘tkazildi. Seminarda Meliorativ ekspeditsiyasi rahbariyati, bo‘lim boshliqlari, tuman uchastkalari rahbarlari hamda sohaning mas’ul mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminarda Meliorativ ekspeditsiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari B.Babaniyazov so‘zga chiqib, kollektor-drenaj suvlarining sarfi va sifat ko‘rsatkichlarini nazorat qilish, kuzatuv quduqlari hamda ularga o‘rnatilgan «dayver» qurilmalaridan samarali foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilashda mashina-mexanizmlardan unumli foydalanish, shuningdek, tuman uchastkalarida tashkil etilgan yordamchi xo‘jaliklar faoliyatini muhokama qildi.
Melioratsiya va suv xo‘jaligi shartlarini kompleks tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i S.Duysenbayev tuman hududidan chiquvchi sizot suvlarini hisobga olish maqsadida asosiy kollektorlarda gidropostlar faoliyati yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, har dekadada suv sarfi o‘lchanib, har oyning uchinchi dekadasida suv namunalari olinib, gidrokimyo laboratoriyasida tahlil qilinadi.
Shu bilan birga, raqamli va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, kollektor-drenaj tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va yerlarning sho‘rlanish darajasini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jalgi vazirligi matbuot xizmati