Ellikqal’ada suvdan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi

    Ellikqal’a tumanidagi Shuxrat Yusupov nomidagi fermer xo‘jaligi dalasida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan samarali foydalanish, suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

    Tadbirda Qoraqalpog‘istonning janubiy tumanlari sanalgan To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Beruniy va Amudaryo tumanlari hokimlari, qishloq va suv xo‘jaligi mas’ullari, “Agrobank” ATB, klaster hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etishdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Shuhrat Teshayev mintaqada suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ushbu texnologiyalarni o‘rnatish uchun banklar tomonidan ajratiladigan imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratilishi nazarda tutilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, mavsum davomida ekin maydonlarini sho‘r yuvishga sifatli tayyorlash, lazerli uskuna yordamida tekislash hamda suv tejovchi texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari oldida turgan vazifalar keng muhokama etildi.

Shuningdek, seminarda qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan zamonaviy sug‘orish uslublarini, jumladan, elektr energiyasiz joylarda katta samara berayotgan quyosh panellari bilan ishlovchi “KAVSAR” tizimi texnologiyasi bo‘yicha tegishli mutaxassis axborot berdi. Ishtirokchilar mazkur texnologiyalarning afzalliklari, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishdagi o‘rni hamda iqtisodiy jihatdan foydaliligi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar olishdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesning mas’ul xodimi M.Abdirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov va boshqa mas’ullar so‘zga chiqib, Hukumatning tegishli qarorlari asosida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishning bir qismini davlat subsidiyalari tomonidan qoplanishi va ushbu tejomkor texnologiyalardan foydalanish natijasida suv solig‘i imtiyozlari haqida ham keng turda ma’lumot berishdi.

Seminar yakunida tadbirda ishtirok qilgan mas’ullar ushbu fermer xo‘jaligi maydoniga daraxt ko‘chatlarini ekishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati