Suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot eshitildi

Nukus shahridagi «Do‘stlik uyi»da “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida “Ekologik muvozanatni ta’minlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishni samarali tashkil etish”  mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.

   Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi, “Yuksalish” umummilliy harakati, Suv xo‘jaligi vazirligi, Fermerlar kengashi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni ochib bergan Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘linmasi boshlig‘i Paraxat Turdimuratov bu kabi muloqot va davra suhbatlarini muntazam tashkil etishning ahamiyatiga to‘xtaldi. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida, ayniqsa mahallalarda suv ta’minotini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirdi.

Shundan so‘ng “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari Tajibay Romanov davlat dasturida fuqarolik jamiyati institutlari ishtiroki yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining bo‘lim boshlig‘i Ruslan Aitjanovning suv resurslaridan oqilona foydalanishni samarali tashkil etish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.

Ma’lum qilinganidek, 2025 yilda qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun jami 6,96 mlrd kub metr suv yetkazib berilib, ekin maydonlarini sug‘orish, sho‘r yuvish ishlari hamda aholi va fermer xo‘jaliklarini suv bilan ta’minlash izchil amalga oshirilgan.

Joriy yilda ham aholi tomorqalari va fermer xo‘jaliklari ekin maydonlariga suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kanallarda suv yo‘qotishlarni kamaytirish borasida 2026 yilda jami 44 km uzunlikdagi 4 ta kanalni betonlashtirish ishlari uchun 81 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Jumladan, Shimboy tumanidagi Tagjap kanali (13,3 km), Shumanay tumanida 8,1 km, Nukus tumanidagi “Sorali” kanali (6,7 km) va Taxiatosh tumanidagi “Eski Keneges” kanali (15,8 km)da ishlar olib borilmoqda. Hozirgi kunda 37,2 mlrd so‘mlik 22,8 km qismida betonlashtirish ishlari bajarilgan bo‘lib, bu ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Axborotda sohani raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi. Jumladan, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarida suv hisobini yuritish va nazorat qilish maqsadida “aqlli suv”, “dayver” hamda onlayn monitoring qurilmalari joriy etilgan. Shuningdek, gidropostlarda suvni onlayn kuzatish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, mazkur chora-tadbirlar suv resurslaridan samarali foydalanish, yo‘qotishlarni kamaytirish va tizimni zamonaviy boshqaruvga o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hisobotdan so‘ng tadbir ochiq muloqot tarzida davom etib, savol-javoblar va keng muhokamalarga ulandi. Ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Shuningdek, bunday muloqotlarni muntazam tashkil etish, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish va amalga oshirilayotgan ishlar haqida jamoatchilikni keng xabardor qilish yuzasidan hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati