Prezidentimiz bilan uchrashgan suvchining ko‘nglidagi gaplar

Bugun men uchun ham, mahallamiz ahli uchun ham unutilmas kun bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan ilk bor yuzma-yuz uchrashib, suhbatlashdik. Shu paytgacha davlatimiz rahbarini televideniye orqali ko‘rib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni kuzatib kelardik. Bugun esa u kishining mahallamizga kelib, odamlar bilan bevosita muloqot qilganiga guvoh bo‘ldim.

Davlatimiz rahbarining xalq farovonligi, yangi ish o‘rinlari yaratish va investitsiya jalb etish borasidagi ishlaridan xabardormiz. Kuni kecha Koreya Respublikasiga tashrifi chog‘ida mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim kelishuvlarga erishilgani ham bugungi muloqotda ta’kidlandi.

Men uchun eng quvonarlisi — mamlakatimizdagi islohotlarning mahallamiz hayotidagi amaliy natijalarini ko‘rishdir.

Diqon arna mahallasida keyingi ikki yilda «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, kanal va ariqlar betonlanib, xonadonlarning tomorqa maydonlarini suv bilan ta’minlash imkoniyati yaxshilandi.

Bu oddiy infratuzilma ishiday ko‘rinishi mumkin. Ammo biz uchun uning ahamiyati katta. Tomorqasiga suv borgan odam unga mehnatini qo‘shadi — ekin-tikin qiladi, chorvasi uchun yem-xashak yetishtiradi, ortiqcha mahsulotini bozorga chiqaradi. Demak, suv ta’minoti yaxshilanishi xonadon daromadiga ham bevosita ta’sir qiladi.

Bugun mahallamizda mingdan ortiq oila, uch ming olti yuz nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Zamonaviy 60 o‘rinli bog‘cha barpo etildi, futbol va vorkaut maydonchalari qurildi. «Smart mahalla» tizimi joriy qilinib, aholi murojaatlari va mahalla infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish imkoniyatlari kengaydi.

Aholi daromadini oshirishga qaratilgan ishlar ham samara bermoqda. Jumladan, asalarichilik bilan shug‘ullanayotgan xonadonlar soni ko‘paymoqda. Prezidentimiz mahalladoshimiz Baxtiyor Jubaev xonadonida bo‘lib, asalni qayta ishlash sexi va asalari qutilari tayyorlash ustaxonasi bilan tanishdi. Bir xonadonda yo‘lga qo‘yilgan bu mehnat boshqalar uchun ham namuna bo‘layotgani quvonarli.

Uchrashuvda nuroniylarga ham muhim vazifa yuklandi. Kambag‘al oilalarni ish bilan ta’minlash, ularni o‘z mehnati orqali daromad topishga yo‘naltirishda nuroniylarning hayotiy tajribasidan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Biz bu ishonchni «labbay» deb qabul qilamiz. Chunki mahallada qaysi xonadonda qanday muammo borligini, kimning qanday hunari va imkoniyati borligini yaxshi bilamiz. Kimgadir maslahat, kimgadir kasb-hunar o‘rganishda, yana birovga tomorqasidan unumli foydalanishda ko‘mak berishimiz mumkin.

Mening mehnat faoliyatim ham uzoq yillar suv xo‘jaligi sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan. Shu yillar davomida bir haqiqatga ko‘p bor amin bo‘lganman: suvni o‘z vaqtida yetkazsangiz, yer unga hosil bilan javob beradi. Insonga imkoniyat bersangiz, u ham mehnati bilan natija yaratadi.

Bugungi islohotlarning mazmunida ham shu haqiqat mujassam. Odamlarga mehnat qilish, daromad topish va o‘z hayotini yaxshilash uchun sharoit yaratish — eng muhim vazifalardan biridir.

Prezidentimiz bilan bugungi uchrashuvdan keyin ko‘nglimda bir ishonch yanada mustahkamlandi: mahalladagi har bir o‘zgarish, har bir yangi imkoniyat, oxir-oqibat, inson hayotida, uning xonadonidagi farovonlikda namoyon bo‘ladi.

Biz, nuroniylar, ana shu ezgu ishlarga o‘z tajribamiz va maslahatlarimiz bilan hissa qo‘shishga tayyormiz.

Muratbay Qalmutarov,
Diqon arna mahallasi nuroniysi,
Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan irrigator.