Qorao‘zaklik fermerlar murojaati suv xo‘jaligi rahbariyati e’tiborida

     Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov Qorao‘zak tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi xodimlari hamda tumandagi suv iste’molchilarining murojaatlarini tingladi.

      Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan qabulda “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Z.Irisboyev, vazirlikning tegishli bo‘lim boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i N.Aralbayev, Qorao‘zak tumanidan tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Orazbayev hamda tumandagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

    Qabul avvalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov joriy sug‘orish mavsumida respublikamiz, shu jumladan, Qorao‘zak tumaniga yetkazilgan suv miqdorlari hamda ulardan samarali foydalanish borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng ochiq muloqot tarzida davom etgan qabulda bir necha suv iste’molchilari o‘zlarining murojaatlarini yo‘lladi.

 

Jumladan, Qorao‘zak tumani “Berdax” OFY hududidagi “Jamiyev Genjebay” fermer xo‘jaligi rahbari G.Jamiyev fermer xo‘jaligi ichki ariqlarini qazib-tozalash ishlarida amaliy yordam so‘radi. “Omir 40 sentner” fermer xo‘jaligi rahbari A.Aytbayev lazer usulida yer tekislash texnologiyasini joriy etish uchun subsidiya ajratish masalasini ko‘tardi. “Madaniyat” OFY hududidagi “Qaraozekli Abdimalik” fermer xo‘jaligi rahbari D.Orazimbetov paxta va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari iste’mol qilgan elektr energiyasi xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratilishini so‘radi. “Mariyam Aysuliv” fermer xo‘jaligi rahbari P.Yelmuratov esa fermer xo‘jaligi yerlarini “Qorao‘zakli Qanli” fermer xo‘jaligi tomonidan davlat-xususiy sherikchilik asosida olingan nasos stansiyasi orqali suv bilan ta’minlashda yuzaga kelayotgan muammolarni hal etishda amaliy yordam berishni iltimos qildi.

Qabul jarayonida B.Yusupov Qorao‘zak tumani fermerlarining murojaatlari suv xo‘jaligi rahbariyati e’tiborida bo‘lishi va ularni hal etish uchun o‘zi rahbarligidagi vazirlik jamoasi barcha zarur choralarni ko‘rishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Murojaatlar atroflicha muhokama etilib, qonunchilik doirasida tegishli tushuntirishlar berildi hamda mas’ul tashkilot rahbarlariga aniq topshiriqlar yuklatildi. Yig‘ilish yakunida murojaatlarni o‘z vaqtida joyiga chiqqan holda o‘rganib, ijobiy hal etish choralari ko‘rilishi alohida nazoratga olindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati