Beruniy nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi xodimlariga “Hosil bayrami” munosabati bilan boshqarmaning rivojlantirish jamg‘armasi va hududlardagi yordamchi xo‘jaliklarda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari tarqatildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Urazimbetov, “Suv xo‘jalik nazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Z.Irisboyev so‘z olib, Davlatimiz rahbarining suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori, so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, Nasos stansiyalari xodimlarini qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni va “Hosil bayrami” bilan samimiy tabrikladilar.


-Yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, ishchi-xodimlarimizni bugungidek bayramlar arafasida qo‘shimcha rag‘batlantirib kelmoqdamiz, – deydi Beruniy nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i Jasur Xalmuratov. – Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayevning Hay’at yig‘ilishlarda bergan topshiriqlari doirasida hududlardagi nasos stansiyalari atrofida yordamchi xo‘jaliklar tashkil etganmiz. Ularda qoramol, qo‘y-echki, tovuq, o‘rdak va quyon boqishni yo‘lga qo‘yganmiz. Shuningdek, joriy yil bahorda hovuz qazib baliq boqishni yo‘lga qo‘ygan edik. Natijada o‘zimizning ko‘limizda yetishtirilgan baliqdan ishchilarimizga tarqatish imkoniyati yaraldi. Shu bilan birga kartoshka, piyoz, un, guruch, yog‘ va go‘sht mahsulotlari ham tarqatilmoqda.

Tadbir doirasida Ellikqal’a va To‘rtko‘l tumanlaridagi nasos stansiyalari xodimlarining ish joylariga borib qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarqatilmoqda.



Ha, harakat qilganga barakat beradi, degani shu bo‘lsa kerak. Nasos stansiyalari atrofidagi himoya zonalaridan samarali foydalanishga qaratilgan harakat bugun natijasini berayotgani ushbu boshqarma misolida ko‘rish mumkin. O‘ylaymizki, bayramlar arafasida boshqa tizim tashkilotlari ham bu ishlar va natijalardan ruhlanib, ishchi-xodimlarini qo‘shimcha rag‘batlantirish ishiga e’tibor qaratishadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati