SEMINARLAR – BARCHA YO‘NALISHDAGI ISHLARIMIZ SAMARADORLIGINI OSHIRISHGA XIZMAT QILISHI ZARUR

     Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan Nukus tumanida joylashgan “Kegayli-2” nasos stansiyasida nasos stansiyalarining samaradorligini oshirish, elektr energiyasini tejash va 2026 yildagi ustuvor vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan navbatdagi seminar tashkil etildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Urazinbetov, Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi N.Aralbayev, “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari direktorlari, shuningdek, nasos stansiyalari boshliqlari va ishchi-xodimlari ishtirok etdilar.

Mazkur seminarda 2025 yil davomida erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, nasos stansiyalarida elektr energiyasini tejash, nasos agregatlarining ishonchli ishlashini ta’minlash, elektrodvigatellarni muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkazish va energiya tejamkor uskunalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Seminar davomida nasos stansiyalarida elektr energiyasidan oqilona foydalanish, nasos agregatlarini o‘z vaqtida ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, ularning uzluksiz va samarali ishlashini ta’minlash masalalari alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, nasos stansiyalari hududida tashkil etilgan yordamchi xo‘jaliklarda amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqilib, mas’ul xodimlarga tegishli ko‘rsatmalar va tavsiyalar berildi.

Ma’lumot berilishicha, Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tasarrufida jami 221 ta nasos stansiyasi va 481 ta nasos agregati mavjud. Shundan Nukus tumanida 24 ta nasos stansiyasi va 56 ta nasos agregati faoliyat yuritib, 6336 gektar ekin maydonlarini suv bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.

2025–2026 yillar kuzgi-qishgi mavsumida jami 13 dona nasos agregatini ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 10 dona nasos agregati to‘liq ta’mirlanib, sho‘r yuvish mavsumiga tayyor holatga keltirildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining davlat-xususiy sheriklik bo‘limi boshlig‘i YE.Davletov nasos stansiilarini davlat – xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektor boshqaruviga berish  borasida amalga oshirilgan ishlar va kulgusi vazifalar bo‘yicha axboroti eshitildi. Bu boroda amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib vazifalar belgilab olindi.

Tadbir yakunida bu kabi seminarlar – barcha yo‘nalishdagi ishlarimiz samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va suv ta’minoti tizimining barqaror ishlashini ta’minlashga xizmat qilishi zarurligi alohida ta’kidlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati