SUG‘ORISH USULLARI BO‘YICHA ILMIY TAJRIBA DAVOM ETMOQDA

Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi olimlari tomonidan qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan samarali foydalanish, suv tanqisligi sharoitida ekinlarni sug‘orishning maqbul usul va rejimlarini ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Ayni paytda markaz tomonidan «Qurg‘oqchilik hududlarda suv tanqisligini yumshatish, zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar asosida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish tartibi va rejimlarini ishlab chiqish» mavzusidagi ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda. Agrobank tomonidan moliyalashtirilayotgan mazkur loyiha doirasida dala sharoitida turli sug‘orish texnologiyalarining samaradorligi o‘rganilmoqda.

Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar natijalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar joriy yilning 18 sentabr kuni o‘tkazildi.

Unda Agrobank mutaxassislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi tizimidagi «Kattag‘ar-Bo‘zatov» irrigatsiya tizimlari boshqarmasi, Nukus tumani Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi, tuman melioratsiya ekspeditsiyasi mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari va mintaqaviy markaz izlanuvchi doktorantlari ishtirok etdi.

Seminarda sug‘orish suvidan oqilona foydalanish, uni yetkazib berish va taqsimlash samaradorligini oshirish, ekinlarning suvga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash, shuningdek, tuproq va meliorativ sharoitlarni inobatga olgan holda sug‘orish rejimlarini belgilash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, tomchilatib, diskret va yomg‘irlatib sug‘orish kabi zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarning imkoniyatlari, ularni qo‘llash shartlari va suv tanqisligi sharoitidagi ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi.

Seminarda ISMITI laboratoriya mudiri G. Paluasheva va ISMITI Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi direktori S. Kurbanbayev so‘zga chiqib, ilmiy loyihaning maqsad va vazifalari, amalga oshirilayotgan tadqiqotlar hamda ularning amaliy ahamiyati haqida to‘xtaldi.

Tadqiqotlarda ekinlarning namlikka bo‘lgan ehtiyoji, tuproq namligi dinamikasi va boshqa omillarni hisobga olgan holda sug‘orishning maqbul muddati, meyori va davriyligini aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Loyiha ijrochilari — mintaqaviy markaz olimlari O. Karimova, T. Kalimbetov va G. Aminovalar tomonidan dala sharoitida olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

Xususan, O. Karimova tomchilatib sug‘orish texnologiyasi haqida so‘z yuritib, suvni o‘simliklarning ildiz qismiga maqsadli yetkazib berish, sug‘orish vaqti va meyorini tartibga solish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.

Seminarda T. Kalimbetov diskret sug‘orish usulining afzalliklari, suvni belgilangan meyor va muddatlarda yetkazib berish imkoniyatlari haqida so‘z yuritib, ushbu texnologiyadan foydalanishning amaliy jihatlariga to‘xtaldi.

Shuningdek, G. Aminova yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasining o‘ziga xos xususiyatlari, ekinlarni suv bilan ta’minlashdagi imkoniyatlari hamda uni amaliyotda qo‘llash shartlari haqida ma’lumot berdi.

Tadqiqotlar doirasida paxta yetishtirishda tomchilatib va diskret sug‘orish, g‘alla yetishtirishda esa yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalaridan foydalangan holda ekinlarning sug‘orish rejimlari o‘rganilmoqda.

Seminar davomida zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini amaliyotga joriy etish, sug‘orish rejimlarini takomillashtirish va suv resurslaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ta’kidlanganidek, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish suv resurslarini tejash, sug‘oriladigan yerlardan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati