Sug‘orish tarmoqlari mavsumga tayyorlanmoqda

___Ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha hududlarida suv xo‘jaligi sohasidagi ishlarni yanada takomillashtirish, amalga oshirilayotgan tadbirlarni jadallashtirishga qaratilgan tadbirlar tashkil qilinmoqda.

___Joriy yilning 20 yanvar kuni Xo‘jayli tumanida “Sho‘r yuvishga er tayyorlash va sug‘orish tarmoqlarini mavsumga tayyorlash” mavzusida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

___Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, qishloq va suv xo‘jaligi tizim tashkilotlari rahbarlari, klaster va fermer xo‘jaligi vakillari ishtirok qildi.

___Tadbirda ta’kidlanganidek, klasterlar va fermerlar tomonidan kuz-qish mavsumida kollektor tarmoqlari va ichki ariqlarni qazib-tozalash ishlarini amalga oshirish belgilangan. Bugungi kunda hududlarda bu borada tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ammo, ishchi guruh tomonidan respublika miqyosida o‘rganishlar olib borilganda, ayrim hududlarda ichki sug‘orish tarmoqlarini tozalash va dala maydonlarini sho‘r yuvishga sifatli tayyorlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani aniqlangan. Seminarda bu borada amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olindi.

___Bugungi kunda “Tuyamo‘yin” suv omboridagi suv zaxirasi o‘tgan yilga nisbatan 77 foizni tashkil qilib, sho‘r yuvishda mavjud suv manbalaridan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

___Joylarda sho‘r yuvish, suv tejash texnologiyalarini joriy qilish hamda irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarining bajarilishini nazorat qilish va suv iste’molchilariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida suv xo‘jaligi toshkilotlaridan 1809 xodimlar biriktirildi.

___Ichki ariq-zovurlarni tozalashda ishtirok qilayotgan mexanizator va ishchi xodimlarga dala boshida issiq ovqat tashkil qilindi.

___Ana shunday ko‘rgazmali seminar Kegeyli tumanida ham bo‘lib o‘tdi.

G‘. Otajonov,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi