Nasos stansiyasida davlat-xususiy sheriklik loyihalari muhokama qilindi

     Ellikqal’a tumani hududida joylashgan “SNSE-124” nasos stansiyasida suv xo‘jaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida boshqarish, investitsiyalarni jalb qilish va raqamli texnologiyalar joriy etish masalalari mahokamasiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari T.Madireimov, Beruniy nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i J. Xalmuratov, vazirlikning davlat-xususiy sheriklik yo‘nalishi mas’ullari, AKT mutaxassislari, nasos stansiyalari rahbarlari hamda xususiy sheriklar ishtirok etdilar.

Seminar davomida DXSH tamoyillari asosida xususiy sheriklarga berilgan obyektlarga investitsiya kiritish ishlarini jadallashtirish, joriy yilda amalga oshiriladigan loyihalar holati hamda suv xo‘jaligi obyektlariga o‘rnatilgan raqamli qurilmalar orqali ma’lumotlarning uzluksiz uzatilishini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, 2021–2025 yillar davomida amalga oshirilgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha tuzilgan bitimlarda belgilangan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi nasos stansiyalari kesimida tahlil qilindi. Nasos stansiyalari rahbarlari va xodimlari bilan elektr energiyasini tejash, energiya samaradorligini oshirish va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha fikr almashildi.

Seminarda suv xo‘jaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor boshqaruviga berish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, investitsiya shartlarining bajarilishi hamda 2026 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan ham taqdimotlar o‘tkazildi.

Seminar yakunida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, investitsiya majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish, nasos stansiyalarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqaruvni ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Mazkur seminar O‘zbekiston suv xo‘jaligi tizimida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini yanada takomillashtirish, sohada investitsiya muhitini yaxshilash va infratuzilma obyektlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati