Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ishchi-xodimlar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanmoqda

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan suv xo‘jaligi tizimida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy farovonligini oshirish va mehnatini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining topshiriq va ko‘rsatmalari asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Berniy nasoss stansiyalari va energetika boshqarmasida ishchi-xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amaliy ishlar tashkil etildi.

Xususan, boshqarma tasarrufidagi yordamchi xo‘jaliklarda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan samarali foydalanilib, bayram arafasida tizimda fidokorona va samarali mehnat qilib kelayotgan ishchi-xodimlarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Jumladan, har bir xodimga 10 kg kartoshka, 10 kg piyoz, 10 kg sabzi, 10 kg guruch, 30 dona tuxum, 2 litr o‘simlik yog‘i va 5 kg go‘sht mahsulotlari yetkazib berildi.

Mazkur tashabbus nafaqat xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, balki ularning mehnatiga bo‘lgan hurmat va e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Shu bilan birga, boshqarmada yordamchi xo‘jaliklarni rivojlantirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda boshqarma tasarrufidagi hududlarda 2,5 gektar maydonda baliqchilik ko‘li, umumiy 10 sotix maydonda issiqxonalar tashkil etilgan. Issiqxonalarda limon, pomidor va bodring ko‘chatlari yetishtirilmoqda.

Bundan tashqari, boshqarmada chorvachilik va parrandachilik yo‘nalishlari ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirgi kunda 121 bosh qoramol, 331 bosh qo‘y, 375 bosh echki, 7122 ta tovuq va 3114 ta o‘rdak parvarish qilinmoqda.

Boshqarma tasarrufidagi 20,6 gektar yer maydonida dehqonchilik ishlari amalga oshirilib, kartoshka, sabzi, piyoz, qovun-tarvuz, mosh va loviya kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. Yetishtirilgan mahsulotlar, avvalo, ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ehtiyojlarini ta’minlashga yo‘naltirilmoqda.

Shuningdek, ishchi-xodimlarning qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish va shaxsiy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida ularga imtiyozli kredit mablag‘larini olishda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ta’kidlash joizki, bunday amaliy chora-tadbirlar suv xo‘jaligi tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning oilaviy farovonligini ta’minlash va mehnatga bo‘lgan rag‘batini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

 Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida tashkil etilayotgan bu kabi ezgu tashabbuslar — inson qadri va mehnatiga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati