Qoraqalpog‘iston Respublikasida ayni qish mavsumida sug‘orish tadbirlari deyarli bo‘lmapti va bu kanallarni rekonstruksiya qilish, betonlashtirish uchun qulay imkoniyatdir.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktyabrdagi 660-sonli qaroriga asosan Nukus tumanidagi “Sorali”, Shumanaydagi “Ak jap”, Taxiatoshdagi “Yeski Keneges” kanalida (2-bosqich), Chimboydagi “Tag‘ jap” kanallari rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish belgilangan.

-Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, obyektlardagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha buyurtmachi va quruvchi tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi, – deydi “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi bosh mutaxassisi I.Dexkanov. – Hozirda ish bo‘lib turgan obyektlarda qishning noqulay, sovuq kunlaridan oldin imkon qadar ko‘proq qismini betonlashtirish maqsadida texnika va ishchi kuchlarini ko‘proq jalb etishning barcha choralari ko‘rilmoqda.

Ma’lumot uchun yuqorida keltirilgan Hukumat qarori asosida 2025-2026-yillar davrida 4 ta kanalning 44 kilometr qismida betonlashtirish ishlarini amalga oshirishga 81 mlrd so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Shundan 2025-yil uchun 12 mlrd 150 mln so‘m avans mablag‘lari pudrat tashkilotlariga ajratilib, barcha obyektlarda ishlar qizg‘in olib borilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati