Hurmatli Hurmatli yurtdoshlar, aziz suv xo‘jaligi sohasi xodimlari!
Sizlarni 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi xalqimizning milliy o‘zligini anglash va milliy qadriyatlarini asrab-avaylash yo‘lidagi muhim tarixiy qadam bo‘ldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani esa bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bilan 21-oktabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. 2020-yil 10-aprelda qabul qilingan Qonun bilan esa ushbu bayramning huquqiy asoslari mustahkamlandi.
Bugungi kunda o‘zbek tilining davlat boshqaruvi, ilm-fan, ta’lim va iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlaridagi o‘rnini mustahkamlash, rasmiy ish yuritishda til meyorlariga qat’iy rioya etish, milliy atamalarni rivojlantirish va geografik obyektlar nomlarini davlat tili talablariga muvofiqlashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayon suv xo‘jaligi sohasi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Zero, daryolar, kanallar, kollektorlar, suv omborlari va boshqa suv obyektlarining nomlari xalqimizning tarixiy xotirasi, hududiy o‘ziga xosligi va ma’naviy merosi bilan chambarchas bog‘liq.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 377-son qarori bilan mamlakatimizdagi ayrim daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar va sharsharalar nomlarini davlat tili qoida va meyorlariga muvofiqlashtirish hamda ularga yangi nom berish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Mazkur hujjatda suv obyektlari nomlarini rasmiy hujjatlar, xaritalar va ma’lumotlar bazalarida to‘g‘ri aks ettirish, axborot ko‘rsatkichlari va peshlavhalarda davlat tili qoidalariga rioya qilish kabi vazifalar ham nazarda tutilgan.
Bu kabi ishlar suv xo‘jaligi tizimida ham davlat tiliga hurmatni amalda namoyon etish, sohaviy atamalarni to‘g‘ri va bir xil qo‘llash, suv obyektlarining nomlarini aniq hamda savodli rasmiylashtirish zarurligini ko‘rsatadi. Ayni paytda, o‘zbek tilining nufuzini oshirish bilan birga, Qoraqalpog‘istonning boy tarixiy-madaniy merosi va joy nomlarining o‘ziga xosligini asrab-avaylash ham muhim vazifalarimizdan biridir.
Ishonamanki, har birimiz davlat tiliga hurmatni kundalik mehnat faoliyatimizda namoyon etib, hujjatlar yuritishda, axborot almashinuvida va jamoatchilik bilan muloqotda til meyorlariga amal qilish orqali ona tilimizning nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shamiz.
Fursatdan foydalanib, barchangizni ushbu qutlug‘ bayram bilan yana bir bor tabriklayman. Ona tilimiz doimo e’zozda bo‘lsin, uning boyligi va imkoniyatlari yanada kengayib, kelajak avlodlarga bebaho ma’naviy meros sifatida yetkazilsin!
O‘zbek tili bayrami kuni muborak bo‘lsin!
B.Yusupov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri