Qonliko‘l tumani: “Bazarbay yab” nasos stansiyasida seminar o‘tkazildi

Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi mas’ullari ishtirokida Qonliko‘l tumanida joylashgan “Bazarbay yab” nasos stansiyasida amaliy seminar tashkil etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining DXSH bo‘limi boshlig‘i M.Sarsenbayev hamda Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan seminarda elektr energiyasidan samarali foydalanish va tejamkorlikni ta’minlash, 2026 yil sug‘orish mavsumi uchun ajratilgan suv limitlariga qat’iy rioya qilish, nasos stansiyalari agregatlarini ta’mirlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda elektr energiyadan samarali foydalanish borasida berilgan topshiriqlar asosida soatiga 110 kVt elektr energiyasi sarflaydigan SNPE-500/10 rusumli nasos agregatlarini zamonaviy, soatiga 55 kVt elektr energiyasi sarflaydigan K500-7 rusumli energiya tejamkor nasos agregatlariga almashtirish ishlari olib borilayotgani ta’kidlandi.

Jumladan, Qonliko‘l tumanida 17 dona K500-7 rusumli nasos agregati o‘rnatilib, bu orqali yiliga 1,533 mln kVt/soat elektr energiyasini iqtisod qilish ko‘zda tutilgan.

Seminar davomida nasos agregatlarini ta’mirlash-tiklash ishlarini sifatli bajarish, ulardan vegetatsiya mavsumida talofatsiz va samarali foydalanish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, nasos stansiyasi atrofida tashkil etilgan yordamchi xo‘jaliklar faoliyati ham o‘rganildi. “Qonliko‘l–Shumanay” bo‘limi boshlig‘i A.Matniyazov nasos stansiyalari atrofidagi 2 sotix yer maydonida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, ishchi-xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida bepul tarqatilayotganini ma’lum qildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati