O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligi arafasida Qoraqalpog‘istonda suv xo‘jaligi sohasidagi yana bir muhim obyekt rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Taxiatosh tumanidagi «Yeski Keneges» kanalining 2-bosqich rekonstruksiya ishlari yakuniga yetkazilib, 15,7 kilometrlik qismi to‘liq betonlandi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun 32 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, qurilish-montaj ishlari «Voris China» MCHJ QK tomonidan bajarildi.

Tantanali ochilish marosimida «Suvxo‘jaliknazorat» boshlig‘i R. Rahimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B. Yusupov, Taxiatosh tumani hokimi Islambek Sdikov, qishloq va suv xo‘jaligi sohasi mas’ullari, nuroniylar, quruvchi tashkilotlar vakillari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish, suv resurslaridan samarali foydalanish va hududlarning suv ta’minotini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining amaliy natijalarini berayotganini ta’kidladilar.

Ayniqsa, kanalning betonlanishi natijasida yuzlab nasos agregatlari to‘xtatilib, suvni o‘z-o‘zidan oqizish tizimiga o‘tilgani muhim natija sifatida qayd etildi. Ilgari kanalning oxiriga suv yetib borishi uchun bir haftagacha vaqt talab etilgan bo‘lsa, bugun suv 2–3 soat ichida kanalning oxiriga yetib bormoqda.
Bu esa suv va elektr energiyasini tejash bilan birga, qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘z vaqtida va kafolatli suv bilan ta’minlash imkonini bermoqda.
Tadbir yakunida ramziy tasma kesilib, rekonstruksiya qilingan «Yeski Keneges» kanaliga tantanali ravishda suv ochildi.
Kanalning kechagi va buguni
«Yeski Keneges» kanali hudud hayotida alohida o‘rin tutadi. U 1936-yilda qurilgan bo‘lib, qariyb 90-yil davomida Taxiatosh va Xo‘jayli tumanlaridagi qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta’minlab kelgan.
Kanalning umumiy uzunligi 36,7 kilometr bo‘lib, u orqali jami 6420 gektar sug‘oriladigan yer maydonlariga suv yetkazib beriladi.
Kanalning bugungi imkoniyatlari haqida Taxiatosh tumani «Suv yetkazib berish xizmati» DM direktori Adil Nazarov shunday deydi:
— «Yeski Keneges» kanali uzoq yillar davomida hududimizdagi dehqon va fermerlar uchun asosiy suv manbalaridan biri bo‘lib kelgan. Ammo yillar davomida kanal o‘zanining loyqa va qum bilan to‘lib borishi, beton qoplamaning eskirishi va filtratsiya sababli suv yo‘qotishlari ko‘paygan edi.
Ilgari kanal orqali suv yetkazib berishda qator qiyinchiliklar mavjud bo‘lib, kanalning oxiriga suv yetib borishi uchun bir haftagacha vaqt ketardi. Suv yo‘qotishlari natijasida yiliga o‘rtacha 3,2 million kub metr suv isrof bo‘lar edi.
Bugun esa vaziyat tubdan o‘zgardi. Kanalning rekonstruksiya qilinib, betonlanishi natijasida suvning harakati tezlashdi, yo‘qotishlar keskin kamaydi. Eng muhimi, yuzlab nasos agregatlarini to‘xtatib, o‘z-o‘zidan oquvchi tizimga o‘tdik.
Hozir suv kanalning oxiriga 2–3 soatda yetib bormoqda. Bu biz uchun juda katta natija. Chunki endi suvni uzoq masofaga yetkazishda ortiqcha vaqt va elektr energiyasi sarflanmaydi.
Rekonstruksiya natijasida Taxiatosh tumanidagi 4220 gektar, Xo‘jayli tumanidagi 2200 gektar, jami 6420 gektar qishloq xo‘jaligi yerlarining suv ta’minoti yanada yaxshilanadi. Bu esa fermer va dehqon xo‘jaliklariga ekinlarni o‘z vaqtida sug‘orish, hosildorlikni oshirish va yerdan samarali foydalanish imkonini beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, kecha suv uchun katta mehnat va xarajat talab etilgan bo‘lsa, bugun yangilangan kanal orqali suvni tez, tejamkor va samarali yetkazib berish imkoniyati yaratildi.
Bugun «Yeski Keneges» nomi tarixiy bo‘lsa-da, uning qiyofasi va imkoniyatlari yangi. Bir vaqtlar qum-loyqa va suv yo‘qotishlari bilan bog‘liq muammolarni boshidan kechirgan kanal bugun zamonaviy, samarali va tejamkor suv yetkazib berish tizimining muhim bo‘g‘iniga aylandi.
Eng muhimi, bu yangilanishning samarasi raqamlarda emas, balki suvi o‘z vaqtida yetib borayotgan dalalarda, hosili ko‘paygan dehqon mehnatida va obod qishloqlar hayotida namoyon bo‘ladi.
Zero, suv yo‘li obod bo‘lsa, dalalarga baraka, xonadonlarga farovonlik kiradi.
G‘.Otajonov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi