Qoraqalpog‘istonda sho‘r yuvish tadbirlari jadal davom etmoqda

    Ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida qishloq xo‘jaligi ekinlari ekiladigan maydonlarda sho‘r yuvish tadbirlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Xususan, Amudaryo tumanida paxta ekiladigan maydonlarda sho‘r yuvish ishlari to‘liq bajarilgan bo‘lsa, Taxtako‘pir, Ellikqal’a tumanlarida tez kunlarda yakunlanishi kutilmoqda. Qolgan hududlarda ham mazkur ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Barcha hududlarda suv resurslaridan samarali foydalanish, suvni og‘ir hududlarga yetkazib berish, aholi tomorqalari hamda g‘alla maydonlarini bahorgi suv bilan ta’minlash ishlari tizimli ravishda tashkil etilmoqda. Bu jarayonlar Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullari tarkibida tuzilgan ishchi guruh tomonidan kunlik nazoratga olingan. Shuningdek, sho‘r yuvish ishlarida orqada qolayotgan hududlarda vaziyat joyiga chiqqan holda o‘rganilib, amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Jumladan, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Zafar Irisboyev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Tajetdin Madireymov Chimboy tumanida bo‘lib, sho‘r yuvish tadbirlari va g‘alla maydonlariga bahorgi suv berish ishlarining borishini o‘rgandilar.

Tahlillarga ko‘ra, respublika bo‘yicha paxta maydonlarida sho‘r yuvish ishlari 82 foizdan oshgan bir paytda, Chimboy tumanida bu ko‘rsatkich atigi 63 foizni tashkil etmoqda. Shu munosabat bilan tuman bu yo‘nalishda orqada qolayotgan hudud sifatida tanqid qilinib, mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

 

O‘rganish davomida tumandagi “Mayjap” kanalida suv o‘lchov ishlari amalga oshirildi. Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi rahbari tomonidan kanallardagi suv taqsimoti bo‘yicha ma’lumot taqdim etildi. Shuningdek, mas’ullar “Kegeyli”, “Beshjap” va “Shoqarik” kanallarida bo‘lib, suvdan samarali foydalanish va sho‘r yuvish ishlarini jadallashtirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdilar.

Shu kuni “Qizil o‘zek” ovul fuqarolar yig‘ini hududida sho‘r yuvish va bug‘doy maydonlarini sug‘orish, shuningdek kanallar atrofini obodonlashtirish ishlarini kuchaytirish maqsadida hashar tashkil etildi. Unda ishtirok etgan suvchilar dala sharoitida issiq ovqat bilan ta’minlandi hamda ishlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati