Bugun Taxiatosh tumanidagi “Suenli” nasos stansiyasida “Nasos stansiyalari faoliyati, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy qilish” mavzusida amaliy-seminar o‘tkazildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i N.Aralbayev so‘z olib, nasos stansiyalarda olib borilgan ishlar, ya’ni nasos stansiyaga ajratilgan elektr energiyasini tejash, elektro dvigatellarni muntazam nazorat qilish va yangi zamonaviy energotejamkor qurilmalarni o‘rnatish hamda nasos agregatlari ta’mirini o‘z vaqtida olib borish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligidan hududga biriktirilgan mas’ul xodim Sh.Ismailov so‘z olib, vazirlik tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida har haftaning chorshanba kuni nasos stansiyalarida shu kabi ko‘rgazmali seminarlar tashkil etilib, amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar muhokama qilinishini va bu tadbirlarning ahamiyatini tushuntirib o‘tishdi.
Shundan keyin E.Davletiyarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli topshirig‘iga asosan boshqarma balansidagi 276 dona eski SNPE-500/10 rusumli nasos agregatlarini zamonaviy elektr tejamkor agregatlarga almashtirish yuzasidan berilgan topshiriqlarning ahamiyati haqida gapirib o‘tdi. Ma’lumot berilishicha, eski nasoslarni o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan energiya tejamkor nasos agregatlariga almashtirish evaziga yiliga o‘rtacha 24,880 mln kVt/soat elektr energiyasini tejash imkoniyati borligi aytib o‘tildi.

Ma’lumot o‘rnida bugungi kunda Qoraqalpog‘iston va Beruniy nasos stansiyalari va energetika boshqarmalariga ta’minotchi korxonalar tomonidan 170 dona k-500-7 rusumli nasos agregatlari olib kelinib, 101 dona nasos agregatlari joylarga o‘rnatilgan.
Shuningdek, tadbirda barcha nasos stansiyalarida elektr energiyadan samarali foydalanish va iqtisod qilish, nasos agregatlarini ta’mirlash, o‘rnatilgan zamonaviy energiya tejamkor qurilmalar nasos, elektodvigatel, kondensator uskunalarini soz holatda ishlashini o‘rganish va zarurlarini yangisiga almashtirish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, “Suenli” nasos stansiyasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha stansiya rahbarining axboroti eshitildi hamda kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Seminarda mazkur nasos stansiyasi atrofidagi yer maydoniga 1000 kVt quvvatiga ega quyosh panellarini o‘rnatish, yordamchi xo‘jalik tashkil qilish, davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, moddiy-texnik vositalardan samarali foydalanish va ularni saqlash masalalari yuzasidan mas’ullarga kerakli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati