Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan joriy yilning 8 yanvarida tasdiqlangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi rahbariyati jismoniy va yuridik shaxslar hamda ularning vakillarini sayyor qabul qilish rejasiga muvofiq, Qonliko‘l va Bo‘zatov tumanlarida sayyor qabullar o‘tkazildi.

Tumanlardagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi ma’muriy binolarida o‘tkazilgan sayyor qabullarda fermerlar, tomorqa egalari hamda mahalla faollari ishtirok qilib, muammoli masalalari yuzasidan o‘zlarining murojaatlari bo‘yicha Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullariga yuzlandilar.

Sayyor qabullarda eng ko‘p murojaat fermer va klasterlar hisobidagi ichki ariqlarni qazib-tozalash uchun ekskavator ajratish masalasi bo‘ldi. Tomorqa maydonlariga suv yetkazishda bo‘layotgan muammolar yuzasidan ovul fuqarolar yig‘inlari hududlariga qo‘shimcha nasos agregatlari o‘rnatish masalasi bo‘yicha ham bir necha fuqarolardan murojaatlar kelib tushdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Juzbayev sayyor qabullarda qilingan murojaatlar o‘z nazoratida bo‘lishini ta’kidlab, sug‘orish tarmoqlarini tozalashga texnika ajratish va boshqa masalalar yuzasidan suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlariga topshiriqlar berdi.

Bo‘zatov tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda tuman hokimining o‘rinbosari va Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi, “Kattagar-Bo‘zatov” irrigatsiya tizimi boshqarmasi mas’ul rahbarlari ham ishtirok qildi. Tadbir davomida qilingan barcha murojaatlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Urazimbetov har bir murojaatchiga atroflicha tushuntirishlar berdi hamda murojaatlarning ijobiy hal etilishi yuzasidan tadbirda ishtirok qilayotgan suv xo‘jaligining hududlardagi rahbarlariga ko‘rsatmalar berildi.

Sayyor qabullarda ayni kunda sho‘r yuvishga qo‘shimcha suv berish bilan bog‘liq masalalarning ko‘pchiligi joyida hal etilib, murojaatlarning ijobiy hal etilishiga erishildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar alohida nazoratga olindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati